Fox News boshlovchisi Brayan Kilmid Mojtaba Xomanaiy yangi oliy rahbar deb e’lon qilinganidan keyin AQSh prezidenti Donald Tramp bilan suhbatlashganini xabar qildi.
Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, Tramp: «Men bundan xursand emasman», deya munosabat bildirdi.
Donald Tramp Mojtaba Xomanaiyni «engil vaznli» deb atadi va oldingi rahbarning siyosatini davom ettiradigan nomzodni qabul qilmasligini aytdi. Tramp bunday tayinlov yangi urushga olib kelishi mumkinligini aytdi. U Qo‘shma Shtatlar Eron oliy rahbarini tanlashda ishtirok etishini ta’kidladi.
Mojtaba Xomanaiy 56 yoshda. U Eronning uchinchi oliy rahbaridir. Prezident Ma’sud Pezeshkiyon uning tayinlanishini milliy birlikni mustahkamlash sari qadam deb atadi. Ali Xomanaiy Eronni 37 yil boshqargan. U 28 fevral kuni Tehrondagi qarorgohiga Isroil havo hujumida halok bo‘lgan. U 86 yoshda edi.