Bugun 17 mart, 2026 yil, seshanba

КИР

Pretoriya va Vashington o‘rtasidagi keskinlik: JAR Eron bilan aloqalarni uzishdan bosh tortdi

Pretoriya va Vashington o‘rtasidagi keskinlik: JAR Eron bilan aloqalarni uzishdan bosh tortdi

Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) va AQSh munosabatlari Donald Tramp ma’muriyati davrida keskin inqiroz bosqichiga kirdi. Reuters nashrining xabar berishicha, JAR Xalqaro aloqalar va hamkorlik departamenti bosh direktori Zeyn Dangor Tehron bilan aloqalarni uzish uchun hech qanday asos yo‘qligini ma’lum qildi.

AQShning talablari va JARning raddiyasi

Ushbu bayonot AQShning yangi elchisi Leo Bozellning tanqidlariga javob o‘laroq yangradi. Elchi avvalroq Pretoriyaning Eron bilan do‘stligi Vashington bilan munosabatlarga salbiy ta’sir qilayotganini ta’kidlagan edi. Biroq Zeyn Dangor intervyu davomida Oq uyning bir qator qat’iy talablarini rad etdi:

  • Isroilga qarshi genosid bo‘yicha xalqaro sud da’vosidan voz kechish;

  • Qora tanlilar huquqlarini kengaytiruvchi qonunlarni bekor qilish;

  • Oq tanli janubiy afrikaliklar uchun maxsus "qochqinlar dasturi"ni qabul qilish.

Iqtisodiy bosim va "ta’sir doiralari"

Munosabatlarning yomonlashishi iqtisodiyotga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. 2025 yilning avgust oyida Tramp tomonidan JAR tovarlariga joriy etilgan 30 foizlik boj mamlakatda ishsizlikni yanada oshirishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, Pretoriya o‘z mustaqil tashqi siyosatidan voz kechmoqchi emas.

"Eron bilan aloqalarni uzish uchun hech qanday sababimiz yo‘q. Biz yirik davlatlar, jumladan, AQSh bizni tortmoqchi bo‘lgan "ta’sir doiralari siyosati" girdobiga tushib qolishni istamaymiz", — deya ta’kidladi Dangor.

Ziddiyatning boshqa sabablari

Tomonlar o‘rtasidagi bahs nafaqat Eron, balki ichki ijtimoiy masalalarga ham borib taqalmoqda. Vashington JARdagi oq tanli ozchilik "ta’qib qilinayotganini" da’vo qilib, ular uchun har oy 4 500 ta qochqinlik arizasini qabul qilishni rejalashtirmoqda. JAR hukumati esa buni "imtiyozli migrasiya" deb atab, xalqaro tashkilotlarning bu niqob ostida mamlakatga kirishini taqiqlab qo‘ydi.

Shuningdek, Dangor G‘azodagi urush bo‘yicha Xalqaro suddagi da’voni qaytarib olish masalasi muhokama ham qilinmasligini qat’iy bildirib o‘tdi.

Kiritildi: 23:27 16.03.2026. O'qildi: 293 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!