AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon suhbatida Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u davom etayotgan urush doirasida «qisqa muddatli sulh»ni taklif qilgan.
Tramp, shuningdek, Putin Eron yadroviy dasturi bo‘yicha yordam taklif qilganini aytdi. Gap, uning ta’kidlashicha, yadroviy qurol yaratishda qo‘llaniladigan boyitilgan uran masalasida Rossiyaning ehtimoliy roli haqida borgan.
«U Eron bo‘yicha yordam berishni istayapti. Men esa: yordam berishdan oldin, urushingizni yakunlang, dedim», — dedi Donald Tramp.
Uning aytishicha, suhbatning asosiy qismi Ukrainadagi urushga bag‘ishlangan. Tramp o‘t ochishni to‘xtatishga erishish mumkin, deb hisoblashini ham qo‘shimcha qildi.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qilishicha, Vladimir Putin 9 may — G‘alaba kuni munosabati bilan sulh e’lon qilishni taklif qilgan. Avvalroq Moskva Pasxa bayrami paytida ham shunday sulh e’lon qilgan edi, biroq tomonlar o‘zaro uni buzishda ayblashgan.
Donald Tramp shuningdek, Eron atrofidagi mojaro va Ukrainadagi urushni bir-biriga bog‘liq jarayonlar sifatida ko‘rib, ular taxminan bir vaqtda yakunlanishi mumkinligini bildirdi.