«The Beatles» guruhining sobiq a’zosi, 84 yoshli Pol Makkartni dunyoning eng boy musiqachilari reytingida uchinchi o‘rinni egalladi. «Forbes» nashri uning boyligini 1,4 milliard dollar deya baholadi.
Reytingda Makkartnidan yuqori o‘rinlarni Jay-Z (2,8 mlrd dollar) va Teylor Svift (2 mlrd dollar) band etdi.
Nashrning qayd etishicha, Makkartni bunday ulkan boylikka «The Beatles» tarkibidagi ijodiy faoliyatdan tashqari, noshirlik, gastrollar, ko‘chmas mulk hamda san’at asarlari jamg‘armasi orqali erishgan. Daromadning asosiy manbalaridan biri — musiqachi tomonidan 1969 yilda tashkil etilgan «MPL Communications» kompaniyasidir. Mazkur shirkat uning shaxsiy asarlari hamda boshqa ijrochilarning musiqiy kataloglari huquqlarini boshqaradi. Xususan, Makkartni Baddi Hollining qo‘shiqlari, Brodvey myuzikllari musiqalari va bir qator mashhur Rojdestvo kuylarining mualliflik huquqlarini sotib olgan. «Forbes» tahlillariga ko‘ra, «MPL» kompaniyasining qiymati kamida 250 million dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, daromadning salmoqli qismi hanuzgacha «The Beatles» ijodidan kelib tushmoqda. Guruhning «Apple Corps» xolding kompaniyasi striming, vinil plastinkalar va suvenir mahsulotlari savdosidan yiliga 50 million dollardan ortiq mablag‘ ishlab topadi. Pol Makkartni, Ringo Starr hamda Jon Lennon va Jorj Harrisonning vorislari ushbu summaning to‘rtdan bir qismidan olishadi. Bundan tashqari, Makkartnining Jon Lennon bilan birgalikda yozgan qo‘shiqlariga bo‘lgan mualliflik huquqi musiqachiga har yili kamida 10 million dollar keltiradi.
Makkartnining uzoq yillar davomida uyushtirgan jahon gastrol safarlari ham uning sarmoyasini sezilarli darajada boyitgan. «Forbes» hisob-kitoblariga ko‘ra, uning aktivlari tarkibidan konsert faoliyatidan tushgan daromadlar, Buyuk Britaniya va AQShdagi ko‘chmas mulklar, shuningdek, Pablo Pikasso va Rene Magritt kabi mashhur rassomlarning ishlari o‘rin olgan san’at asarlari kolleksiyasi joy olgan.
Qizig‘i shundaki, faoliyatining boshlanishida musiqachi «The Beatles» musiqiy yozuvlaridan ancha kam daromad olgan. Ko‘plab qo‘shiqlarning huquqlari boshqa nashriyotlarga tegishli bo‘lgan va Makkartni o‘z musiqiy katalogi ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun yillar davomida kurashgan. Yakunda u nafaqat o‘z huquqlarining bir qismini qaytarib olgan, balki boshqa ijrochilarning kataloglarini ham sotib olishni boshlagan.