Rossiyaning «Izvestiya» nashri Pokistonning yadroviy salohiyatini baholadi.
Ta’kidlanishicha, Pokiston o‘z atom bombasini yaratishga 1972 yilda kirishgan. Uzoq yillik izlanishlardan so‘ng, Islomobod 1998 yilda o‘zining ilk yadroviy zaryadini sinovdan o‘tkazgan. Shuning barobarida, yetkazish vositalari, ya’ni raketalarni ishlab chiqish va takomillashtirga zo‘r berilgan.
Ayni paytda Pokiston ixtiyorida 150 ta yadroviy kallak borligi taxmin qilinadi. Ular asosan «er — yer» va aviasiya raketalari vositasida qo‘llanilishi mumkin.
Shuningdek, mamlakat dengiz floti uchun mo‘ljallangan qanotli raketa yaratish ustida ishlayapti.
«O‘z atom suvosti kemalari yo‘qligi bois, Pokiston oddiy dizel-elektr motorli submarinalardan start beriladigan qanotli raketalar yaratishga e’tibor qaratmoqda», — deyiladi xabarda.
Islomobod bir necha xil mobil ballistik raketalarga ega: Ghaznavi, Abdali, Shaheen-I, Shaheen-II, Shaheen-III. So‘nggi «shahin» 2 750 kilometrgacha uchadi va butun Hindistondagi nishonlarni ura olishi mumkin. Pokiston raketa-yadro kuchlari aynan shu raketa bilan qurollangan.