Pokiston xavfsizlik kuchlari Islomobodda masjid yaqinida sodir bo‘lgan va 30 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan terroristik hujum tashkilotchisini hibsga oldi.
Bu haqda The News gazetasi xabar bermoqda.
Xabarlarga ko‘ra, tashkilotchi bilan birga uning uch nafar yordamchisi ham hibsga olingan.
Jinoyatchilarni qo‘lga olish operasiyasi shimoli-g‘arbiy Xayber Paxtunxva viloyatida o‘tkazildi. Nashrning huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbalariga ko‘ra, hujum tashkilotchisi ISHID terrorchilik guruhi bilan bog‘liq bo‘lgan va Afg‘onistonda tayyorgarlikdan o‘tgan.
Jangarilarni hibsga olish jarayonida xavfsizlik kuchlarining bir xodimi halok bo‘lgan va yana uch kishi yaralangan.
Eslatib o‘tamiz, 6 fevral kuni amalga oshirilgan terroristik hujum natijasida kamida 31 kishi halok bo‘lgan, yana 169 kishi yaralangan. ISHID portlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.