Vengriyada parlament saylovlarida g‘alaba qozongan “Tisa” partiyasi yetakchisi Peter Madyar mamlakat prezidenti Tamash Shuyokni iste’foga chiqishga chaqirdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
“Parlament meni bosh vazir etib saylagach va o‘z hukumatimni shakllantirgach, undan lavozimini tark etishni so‘radim. Agar u buni ixtiyoriy ravishda qilmasa, biz o‘z vakolatlarimizdan foydalanamiz, konstitusiyaga zarur o‘zgartirishlar kiritamiz va uni lavozimidan chetlatamiz”, dedi Madyar matbuot anjumanida.
Siyosatchi uning partiyasida hozircha prezidentlikka o‘z nomzodi yo‘qligini aytdi. Biroq Vengriya millati birligini ifoda etadigan shaxs topilishiga umid qilayotganini ta’kidladi. Peter Madyar 15 aprel kuni Vengriya prezidenti bilan uchrashdi.
Tamash Shuyok bilan uchrashuvga parlamentda vakillik qilayotgan boshqa ikki partiya yetakchilari, jumladan, Viktor Orban ham taklif etilgan. Uchrashuvdan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda Madyar saylovlarning rasmiy natijalari 4 may kuni tayyor bo‘lishini aytdi.