Eron raketalari AQShning barcha harbiy kemalarini yo‘q qilishga tayyor, deb bayonot berdi Eron oliy rahnamosining yuqori martabali harbiy maslahatchisi va Islom inqilobi muhofizlari korpusining (IIMK) sobiq qo‘mondoni Mohsen Rizoiy.
«Bosim kuchayishi kerak. Bizning raketa qurilmalarimiz allaqachon harbiy kemalarga qaratilgan va biz ularning barchasini cho‘ktirib yuboramiz», — deya uning so‘zlarini keltirmoqda Press TV.
Bundan tashqari, dengiz blokadasiga to‘xtalar ekan, Rizoiy AQShning rejasi muvaffaqiyatsizlikka mahkum ekanini qo‘shimcha qildi.
«Qo‘shma Shtatlar Hurmuz bo‘g‘ozini ochishga urinib, tarixiy mag‘lubiyatga uchragani kabi, dengiz blokadasida ham albatta muvaffaqiyatsizlikka uchraydi», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron Qurolli kuchlari «AQShga blokadani amalga oshirishda muvaffaqiyat qozonishga hech qachon yo‘l qo‘ymaydi» va bunga qarshi turish uchun «hali ishlatilmagan yirik dastaklarga» ega.