Ozarbayjon va Rossiya Tashqi ishlar vazirliklari qo‘shma bayonot e’lon qilib, unda tomonlar Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasiga tegishli Embraer 190 samolyotining halokatga uchrashi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi.
«RF va Ozarbayjon prezidentlarining 2025 yil 9 oktyabrda Dushanbedagi uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, tomonlar 2024 yil 25 dekabrda RF havo hududida havo hujumidan himoya tizimining bexosdan sodir etgan harakati oqibatida Aqtau shahri yaqinida halokatga uchragan AZAL aviakompaniyasining Embraer 190 samolyoti bo‘yicha tegishli tartibda kelishib oldi, jumladan, tovon puli to‘lash masalasi hal qilindi», — deyiladi bayonotda.
«Amalga oshirilgan qadamlar ittifoqchilik aloqalari doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlashga bo‘lgan ikki tomonlama intilishni tasdiqlaydi», — deya ta’kidlanadi hujjatda.
Eslatib o‘tamiz, Bokudan Grozniyga uchayotgan Ozarbayjon havo yo‘llari samolyoti 2024 yil dekabr oyida Qozog‘istonda halokatga uchragandi. O‘shanda 38 kishi halok bo‘lgan, 29 kishi tirik qolgan edi.
Mazkur fojia Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Kavkaz mintaqasida Ukraina dronlari hujumini qaytarayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Boku ma’muriyati halokatdan so‘ng darhol samolyot «tashqi ta’sir» natijasida urib tushirilganini ta’kidlagan.
Biroq, dastlabki bosqichda Moskva o‘z aybini rad etdi.