Pokiston Tashqi ishlar vazirligi 27 fevral kuni Afg‘oniston rasmiylarini mamlakat hududida faoliyat yuritayotgan terrorchi guruhlar javobgarligini ta’minlashga chaqirdi.
Islomobod bayonotida Afg‘onistondan kelib chiqadigan terrorchilik tahdidini bartaraf etishga sodiqligi yana bir bor tasdiqlandi. Shuningdek, Kobul rasmiylari mamlakatda faol bo‘lgan «Fitna al-Xavorij» va «Fitna al-Hinduston» guruhlariga nisbatan jazosizlik amaliyotiga chek qo‘yishi lozimligi ta’kidlandi.
«Fitna al-Hinduston» atamasi Pokiston tomonidan Balujistondagi terrorchi guruhlarga nisbatan qo‘llanadi. «Fitna al-Xavorij» esa ilgari «Tehrik-i Tolibon Pokiston» nomi bilan tanilgan tuzilmaga ishora qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston bahsli Durand chizig‘i bo‘ylab Pokiston kuchlariga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlagan. Kobul bu harakatni Pokistonning yaqindagi havo zarbalariga javob deb atagan. Islomobod esa javob o‘qi otilganini tasdiqlab, mudofaa vaziri Tolibon hukumatiga qarshi «ochiq urush» boshlanganini ma’lum qildi.