Bu haqda DW xabar bermoqda.
Ukraina Qurolli Kuchlarining ma’lumotiga ko‘ra, 13 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 00:10 dan boshlab Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning shimoli va sharqiga 98 ta zarbdor dron, asosan "Shahed"lar bilan hujum qilgan. Soat 08:00 ga qadar havo hujumidan mudofaa tizimlari 87 ta dronni urib tushirgan, biroq 10 ta hududda dronlarning zarbasi yoki parchalari tushishi qayd etilgan.
"Chernigovoblenergo" xabariga ko‘ra, Chernigov viloyatidagi energetika ob’ektiga qilingan hujum oqibatida 12 mingdan ortiq iste’molchi elektrsiz qolgan. Xerson viloyatida esa portlashlar natijasida ikki kishi turli darajadagi jarohatlar olgan.
Rossiya Mudofaa vazirligining Pasxa sulhidan keyingi hisobotida aytilishicha, Moskva havo hujumidan mudofaa tizimlari Belgorod, Kursk, Rostov, Bryansk, Smolensk viloyatlari va anneksiya qilingan Qrim uzra Ukrainaning 33 ta dronini tutib olgan va yo‘q qilgan.
Belgorod viloyati gubernatori Gladkov Grayvorondagi dron hujumi oqibatida bir mahalliy ayol va "Orlan" bo‘linmasining bir harbiy xizmatchisi yaralanganini ma’lum qildi. Gladkov ularning aynan bitta yoki alohida dron zarbalaridan jarohat olganiga aniqlik kiritmagan, deyiladi xabarda.