Toshkent viloyati Parkent tumanidagi «Lion Park» pitomnigida noxush voqea sodir bo‘ldi.
17 dekabr tongda Toshkent viloyatidagi pitomnikda saqlanayotgan 3 ta Afrika sheri katak eshigi ochiq qoldirilganidan foydalanib, pitomnik hududiga chiqib ketgan. 1980 yilda tug‘ilgan qo‘riqchi I.F. yirtqichlarni katakka qaytarmoqchi bo‘lgan, oqibatda sherlar hujumi natijasida qo‘riqchi voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat pitomnik xodimlari tomonidan soat 09:00 larda aniqlanib, sherlardan ikkitasi uxlatuvchi o‘q dori vositasi yordamida katakka qaytarilgan, yana biri esa mahalliy ovchi tomonidan otib o‘ldirilgan.
Voqea joyiga Parkent tumani IIB navbatchilik guruhi, tuman prokurori, tuman prokuraturasi tergovchisi, viloyat ekologiya boshqarmasi xodimlari va IIB maxsus qurollangan jangovar guruhi chiqib, voqea joyi va marhumning jasadi qoldiqlarini ko‘zdan kechirgan hamda tegishli ekspertiza tayinlangan.
Shuningdek, pitomnikda mavjud bo‘lgan barcha yirtqich hayvonlar sanoqdan o‘tkazilib, ular joyida ekanligi va kataklar mahkamlangan holda ekanligi aniqlangan.
Ayni damda holat yuzasidan Bosh prokuratura o‘rganish ishlarini olib bormoqda.