Bugun 14 mart, 2025 yil, juma

КИР

Panama kanali masalasi harbiylarsiz hal bo‘ladi

Panama kanali masalasi harbiylarsiz hal bo‘ladi

Prezident Donald Tramp Oq uyga qaytayotganda aeroportda intervyu berarkan, jumladan, Panama kanali masalasi harbiylar aralashuvisiz hal qilinishini bildirdi.

– Panamada bizga askar kerak bo‘lmaydi, deb o‘ylayman, – degan u jurnalistlarga.

Ta’kidlanishicha, Qo‘shma Shtatlar Xitoyning Panama kanaliga “egalik qilishiga” yo‘l qo‘ymoqchi emas. Oq uy rahbari o‘z inaugurasiya marosimida so‘zlagan nutqida ham AQSh “Panamaga berilgan”, ammo hozir Xitoy ta’siriga tushib qolgan kanal ustidan nazoratni qayta tiklash niyatida ekanini aytgandi.

Avvalroq Davlat kotibi Marko Rubio Panamada Prezident Xose Raul Mulino bilan uchrashgan. Muzokarada Tramp XXRning mintaqadagi ta’siri kuchayganini hisobga olib, kanal bo‘yicha status-kvo saqlab qolinishini istamasligini yetkazgan.

– Rubio Prezidentga Tramp Xitoy Kommunistik partiyasining Panama kanali hududiga ta’siri va hozirgi nazorat holati kanalga xavf tug‘dirishi, doimiy betaraflik va Panama kanalidan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomaga zidligi bo‘yicha dastlabki qarorga kelganini ma’lum qildi, – deyilgan Davlat departamenti bayonotida.

Qayd etilishicha, Davlat kotibi vaziyatga zudlik bilan o‘zgarish kiritilmasa, Vashington shartnoma bo‘yicha o‘z huquqini himoya qilish uchun zarur chora ko‘rishidan ogohlantirgan.

Darhaqiqat, Tramp dekabr oyi boshida Panama orqali o‘tish uchun yuqori tarif belgilangani tufayli kanalni tezda Amerika ixtiyoriga qaytarishni talab qilishini aytgan edi. Yangi Prezident ta’kidlashicha, Panama kanali Amerika savdosi, shuningdek AQSh harbiy-dengiz kuchlarini Atlantika va Tinch okeanlarida tezkor joylashtirish uchun juda muhim. Zero, Qo‘shma Shtatlar kanaldan eng ko‘p foydalanuvchi sifatida barcha tranzitlarning 72 foizdan ko‘pini tashkil etadi.

Panama hukumati Oq uyning ogohlantirishini qabul qilib, kanal bo‘yicha Xitoy bilan erishilgan kelishuvlar yuzasidan bayonot berdi.

Masalan, Panama Prezidenti kuni kecha AQSh Davlat kotibi bilan muzokaradan so‘ng Xitoy bilan “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi yangilanmasligini ma’lum qilgan.

– Muhim qarorga keldik, bu haqda xabardor qilyapman, – deya bayonot bergan Mulino. – Hukumatimiz 2017 yildagi “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini uzaytirmaydi. Ha, shunday. Biz loyihani muddatidan avval yakunlash imkonini ko‘rib chiqmoqdamiz.

Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi dunyoning 65 mamlakatini raqamli va jismoniy infratuzilma, jumladan yo‘l, port va telekommunikasiya tarmog‘i qurish, hamkor mamlakatlar infratuzilmasini rivojlantirish uchun iqtisodiy imkoniyat taqdim etish orqali bog‘lashni maqsad qilgan.

Panama kanali – Markaziy Amerikaning Panamadagi sun’iy suv yo‘li bo‘lib, eng past nuqtasida Panama Istmusini kesib o‘tadi. Atlantika va Tinch okeanini o‘zaro bog‘laydigan xalqaro ahamiyatga ega eng muhim transport-suv yo‘llaridan biri hisoblanadi.

XX asr boshida amerikaliklar tomonidan qurilgan kanal 1977 yil ikki davlat yetakchilari Jimmi Karter va Omar Torrixos o‘rtasida shartnoma imzolangach, betaraf holatga keldi. Kelishuvga ko‘ra, Panama okeandan o‘tgan ushbu yo‘nalish ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi. Bu tinchlik davrida ham, urush payti ham barcha yurtlar kemalari uchun xavfsiz va ochiq tranzitni kafolatlaydigan inshootdir.

Kiritildi: 09:59 04.02.2025. O'qildi: 692 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!