Ekaterinburgda ozarboyjonlik aka-ukalarning o‘limi ikki davlat munosabatlarida keskin inqirozga olib keldi. Bu holat Moskva-Boku munosabatlarida yillar davomida yig‘ilib kelgan ziddiyatlar alangalanishiga sabab bo‘ldi. Ozarboyjon endi Rossiyaning «yaqin xoriji» emas, balki mustaqil va teng huquqli hamkor sifatida qaralishini xohlamoqda.
4 iyul kuni Yekaterinburgda ozarboyjonlik aka-uka Safarovlar qo‘lga olinish paytida halok bo‘ldi. Bu voqea Ozarboyjon va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning beqiyos darajada sovushiga olib keldi. Bokuda rossiyaliklar kaltaklandi, Rossiya agentligining ofisi reyd qilindi, davlat OAVlarida esa Rossiya hatto nasistlar Germaniyasiga qiyoslandi.
Masala aslida faqat bitta voqea bilan cheklanmaydi. 2024 yilda Rossiya HHH tizimi Ozarboyjon yo‘lovchi samolyotini «xatolik bilan» nishonga olgach, u Qozog‘istongacha uchib borib, avariyaviy qo‘nishi chog‘ida 38 kishi halok bo‘lgandi. Ozarboyjon bu fojiada Kremlning rasmiy javobgarligini va to‘liq ochiqlikni talab qilmoqda.
Siyosiy tahlilchilarning fikricha, Boku strategik sherik sifatidagi munosabatlarga emas, balki teng va mustaqil hamkorlikka intilayapti. Ozarboyjon so‘nggi yillarda Qorabog‘ urushida g‘alaba qozonib, mintaqada Turkiya va Isroil bilan harbiy hamkorlikni kengaytirdi. Bu uni mintaqadagi yetakchi kuchga aylantirdi.
Shu bilan birga, Rossiyaning Ukrainadagi urush tufayli global pozisiyasi zaiflashgan. Bu holatdan foydalangan Boku, Kreml ta’sirini cheklashga va yangi siyosiy manyovr imkoniyatlarini kengaytirishga harakat qilmoqda.
Ekspertlarga ko‘ra, bu keskin ritorika va diplomatik inqirozlar Bokuning tashqi siyosatdagi standart uslubi bo‘lib, u doimiy qarama-qarshiliklar orqali muzokarada o‘z pozisiyasini mustahkamlaydi. Ammo bu uzoq muddatli ajralish emas.
Rossiya, o‘z navbatida, Ozarboyjonni savdo va geosiyosiy manfaatlar nuqtai nazaridan saqlab qolishni istaydi. Ammo Kremlning «nazoratchi va iyerarxik» munosabatlari Bokuni tobora ko‘proq g‘azablantirmoqda.
Agar Ozarboyjon Armaniston bilan sulh bitimini imzolashga harakat qilsa, bu ham Rossiya ta’sirini cheklashga qaratilgan strategik qadam sifatida ko‘rilishi mumkin.