Fransiya Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad va yana olti nafar yuqori martabali sobiq amaldorni hibsga olishga order berdi, deb yozdi France24.
Bunga 2012 yilda Xums shahri bombardimon qilingani va ikki jurnalist halok bo‘lgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Nashrning yozishicha, Britaniyaning The Sunday Times gazetasida ishlagan 56 yoshli amerikalik Mari Kolvin va 28 yoshli fransuz fotografi Remi Oshlik halok bo‘lgan.
Fransiya rasmiylari ushbu hodisani insoniyatga qarshi ehtimoliy jinoyat va harbiy jinoyat sifatida tergov qilmoqda.
Bashar Asaddan tashqari, buyruqlar uning ukasi, Suriya 4-zirhli diviziyasi sobiq rahbari Mohir Asad, razvedka boshlig‘i Ali Mamluk va armiya shtabining sobiq boshlig‘i Ali Ayubga ham tegishli.
Suriyaning avvalgi rasmiylari Xumsdagi turar joy binolarini bombardimon qilishga aloqadorligini rad etgan.