Til har bir xalqning tarixiy xotirasi, milliy o‘zligi va ma’naviy mavjudligining eng muhim tashuvchisidir. Xalqning o‘tmishi, madaniyati, urf-odatlari va milliy qadriyatlari asrlar davomida aynan ona tili vositasida asrab-avaylanib, kelajak avlodlarga yetkaziladi.
Qadimiy tarix va boy madaniy merosga ega Ozarbayjon xalqi asrlar davomida o‘z yozuv madaniyatini shakllantirib kelgan. Qobuston va Gamigaya qoyatosh tasvirlari, shuningdek, turli epigrafik yodgorliklar xalqimizning qadimiy yozuv an’analaridan bugungi kungacha yetib kelgan qimmatli namunalardir.
XX asr boshlarida milliy taraqqiyot va ma’rifatparvarlik harakati yangi alifboga o‘tish masalasini kun tartibiga olib chiqdi. 1922 yilda Yangi alifbo qo‘mitasining tashkil etilishi, 1923 yildan lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tish jarayonining jadallashtirilishi hamda 1929-yildan uning mamlakat miqyosida qo‘llanilishi Ozarbayjon yozuv madaniyatida yangi bosqichning boshlanishiga asos soldi. Biroq 1940 yildan lotin yozuvi kirill alifbosi bilan almashtirildi va bu holat uzoq yillar davom etdi.
Ozarbayjon davlat mustaqilligini qayta tiklaganidan so‘ng lotin yozuviga asoslangan milliy alifboga qaytish tarixiy zarurat sifatida baholandi. Umummilliy lider Haydar Aliyev rahbarligida amalga oshirilgan izchil chora-tadbirlar natijasida lotin yozuviga asoslangan ozarbayjon alifbosiga o‘tish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlandi. Lotin yozuvining milliy davlatchiligimiz va yozuv madaniyatimiz uchun muhim ahamiyati inobatga olinib, 2001 yil 9 avgustdagi farmon bilan har yili 1-avgustni Ozarbayjon alifbosi va ozarbayjon tili kuni sifatida nishonlash belgilandi.
Ozarbayjon tilini davlat tili sifatida mustahkamlash va rivojlantirish ham umummilliy lider Haydar Aliyev tomonidan belgilangan milliy til siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan. 1978-yildayoq uning qat’iy pozisiyasi natijasida Ozarbayjon SSR Konstitusiyasida ozarbayjon tilining davlat tili maqomi mustahkamlab qo‘yildi. Mustaqillik yillarida qabul qilingan Konstitusiya bilan mazkur maqom yanada mustahkamlandi hamda ona tilimizdan davlat boshqaruvi, ta’lim, ilm-fan va madaniy hayotda foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi.
Ushbu siyosiy yo‘nalish bugungi kunda ham muvaffaqiyatli davom ettirilmoqda. Prezident Ilhom Aliyev tashabbusi bilan Ozarbayjon adabiyotining mumtoz va zamonaviy namunalari lotin yozuvida qayta nashr etildi, ozarbayjon tilini asrab-avaylash va rivojlantirishga qaratilgan muhim davlat dasturlari qabul qilindi. Globallashuv sharoitida ona tilining sofligini asrash, undan zamonaviy axborot makonida foydalanish ko‘lamini kengaytirish va tilshunoslik fanini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.