Uning fikricha, Rossiya nefti narxi raqobatbardosh bo‘lib qolayotgan ekan, Nyu-Dehli uni xarid qilishda davom etishi, bir vaqtning o‘zida Vashington bilan muzokara olib borishi va bir tomonlama savdo imtiyozlariga rozi bo‘lmasligi kerak.
Shrivastavaning ta’kidlashicha, Rossiya neftining chegirmali narxlarda yetkazib berilishi Hindistonning energetik xavfsizligini mustahkamlash va inflyasiyani jilovlashga yordam bergan.
GTRI tahlilchilariga ko‘ra, Rossiya neftidan voz kechish yoki AQSh bilan savdo kelishuvi tuzish Hindistonni yangi Amerika cheklovlaridan himoya qilishiga kafolat bermaydi. Vashington savdo qonunchiligining boshqa mexanizmlaridan, jumladan, 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 301-bo‘limi va sohaviy tariflardan foydalanishi mumkin.
AQSh prezidenti Donald Tramp 18 sentyabr kuni «2026 yilgi Lindsi O. Gremning Rossiya va Eronga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonuni»ni imzoladi. Qonun Rossiya nefti va gazini eng ko‘p import qiladigan beshta davlat qatoriga kiruvchi hamda Rossiya energetika resurslarini xarid qilishda davom etayotgan mamlakatlar tovarlariga 100 foizgacha boj joriy etish imkonini beradi.
Hindiston Rossiya neftini eng ko‘p import qiluvchi davlatlardan biri hisoblanadi.
GTRI Vashington ushbu mexanizmdan Nyu-Dehli bilan ikki tomonlama savdo kelishuvi bo‘yicha muzokaralarda bosim o‘tkazish uchun foydalanishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Qo‘shimcha Amerika bojlari Hindistonning to‘qimachilik va kiyim-kechak sanoati uchun, ayniqsa kichik va o‘rta korxonalar uchun, jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.