Mamlakat Ottava konvensiyasidan chiqqach, piyoda askarlarga qarshi minalarni xarid qilishga tayyorgarlikni boshladi. Mazkur konvensiya bunday minalardan foydalanish, ularni ishlab chiqarish va saqlashni taqiqlaydi.
Finlyandiya Qurolli kuchlari mamlakatning mahalliy ishlab chiqaruvchilaridan bir million dona piyoda askarlarga qarshi mina sotib olishni rejalashtirmoqda.
Finlyandiya ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, mamlakat piyoda askarlarga qarshi minalardan foydalanish, ularni ishlab chiqarish va saqlashni taqiqlovchi Ottava konvensiyasidan chiqqani zahoti ularni xarid qilishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan.
Mamlakatda mina ishlab chiqarish imkoniyatiga ega taxminan oltita kompaniya mavjud.
1999 yil 1 martda kuchga kirgan va «Ottava konvensiyasi» nomi bilan tanilgan Piyoda askarlarga qarshi minalarni taqiqlash to‘g‘risidagi konvensiya bunday minalarni ishlab chiqarish, qo‘llash, saqlash va boshqa davlatlarga berishni taqiqlaydi.
Hujjatning to‘liq nomi — «Piyoda askarlarga qarshi minalarni qo‘llash, zaxiralash, ishlab chiqarish va berishni taqiqlash hamda ularni yo‘q qilish to‘g‘risidagi konvensiya».
Bugungi kunga qadar mazkur kelishuvga 164 ta davlat qo‘shilgan. Ularning 132 tasi konvensiyani nafaqat imzolagan, balki ratifikasiya ham qilgan.
Finlyandiya esa Rossiyaning harakatlari bilan bog‘liq xavfsizlik tahdidlaridan xavotirlanib, 2025 yilda piyoda askarlarga qarshi minalardan foydalanishni taqiqlovchi Ottava konvensiyasidan chiqishga qaror qilgan.