Orol dengizi qurigan tubida sho‘rlanishga chidamli va ekologik tiklanishga xizmat qiluvchi o‘simlik turlari ustida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu ishlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida, professor Zinoviy Novitskiy rahbarligida amalga oshirilmoqda.
Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, arundo donax (gigant qamish) Orol tubidagi yuqori sho‘rlangan va qiyin ekologiyaga ega sharoitlarda yashovchanlik qobiliyatini namoyon etgan. Tabiatan namliksevar bo‘lsa-da, u sho‘r muhitga moslashish, chuqur ildiz otish va tuproq qatlamini mustahkamlash xususiyatiga ega. Uning ildizlari 2 metrgacha chuqurlashgani va gorizontal ravishda ham keng yoyilayotgani aniqlangan.
Shuningdek, ushbu o‘simlikni samarali ko‘paytirish uchun maxsus ko‘chat yetishtirish texnologiyasi ishlab chiqilgan. Unda ona o‘simlikdan 1 metr chuqurlikda joylashgan ildiz kurtaklari ajratib olinib, sho‘r muhitda moslashgan navlar asosida ko‘chatlar tayyorlanmoqda. Tajriba natijalariga ko‘ra, bu usul bilan ekilgan o‘simliklarning yashab qolish darajasi 90 foizdan oshib ketgan.
Bu sinovlar Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik tiklanish jarayonlariga ilmiy asos yaratadi. Hozirgi kunga qadar 2 million gektar maydonda yashil qoplama yaratilgan bo‘lsa, kelgusida yana 100 ming gektar maydonda "yashil maydon" barpo etish hamda o‘rmonzorlar maydonini 2,1 million gektarga yetkazish rejalashtirilmoqda.