O‘zbekistonda qimmatbaho metallar ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda tabiiy boyliklardan samarali foydalanish maqsadida keng ko‘lamli sanoat loyihalari amalga oshirilmoqda.
Shu kabi muhim loyihalardan biri Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining “Kovuldi oltin saralash fabrikasi qurilishi” loyihasi hisoblanadi.
Ushbu fabrika “Kovuldi” va “Quyi-Kenjasoy” konlaridan qazib olinadigan ma’danlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, yiliga 200 ming tonna xomashyodan qimmatbaho metallarni ajratib oladi.
Fabrikaning qurilish ishlari joriy yilning fevral oyida boshlangan bo‘lib, 2025 yil 4 choragida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Kombinatning Kapital qurilish boshqarmasi qurilish ishlarini nazorat qilish bo‘yicha yetakchi muhandisi Dilorom Pardayevaning ma’lum qilishicha, qurilish ishlarini “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti amalga oshirmoqda.
Loyiha doirasida yer maydonini tayyorlash, ma’muriy-maishiy binolarning poydevorini qurish va ishlab chiqarish binosi uchun 54 ta temir-beton kolonna hamda 530 ta to‘siq o‘rnatish ishlari bajarildi.
Fabrika qurilishining ikkinchi bosqichida texnologik uskunalar - tegirmonlar, gidrosiklonlar va klassifikatorlar o‘rnatiladi.
Uskunalar Markaziy ta’mirlash-mexanika zavodi tomonidan mahalliylashtirish dasturi asosida tayyorlanmoqda. Shu kungacha 2 ta tegirmon, 2 ta gidrosiklon va boshqa ehtiyot qismlar tayyorlandi.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur fabrika to‘liq OKMKning o‘z kuchi va mutaxassislari tomonidan barpo etilmoqda. Qurilishda foydalanilayotgan temir-beton konstruksiyalar ham kombinatning “Olmaliqmetallurgqurilish” trestida ishlab chiqarilmoqda.
Fabrika ishga tushirilgach, qo‘shimcha 151 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Kombinatning Angren va Chodakdagi fabrikalaridan keyingi uchinchi oltin saralash fabrikasi paydo bo‘ladi.