Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalarida ofiser bo‘lishni maqsad qilib, belgilangan muddat davomida tanlagan sohalari bo‘yicha ta’lim-tarbiya olgan o‘g‘lonlarning navbatdagi bitiruv tantanalari bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizdagi eng nufuzli va tayanch oliy harbiy ta’lim muassasa sanalgan Qurolli Kuchlar akademiyasida o‘tkazilgan bitiruv tadbirida mazkur oliy harbiy ta’lim dargohining va Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi bitiruvchilari saflarga kuzatildi.
Ushbu tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov ishtirok etib, yosh ofiserlarni samimiy qutlab, ularga ta’lim-tarbiya bergan ustoz-murabbiylar va ota-onalarning mehnatini e’tirof etdi. Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham bitiruvchilarga o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirdilar.
Shuningdek, ota-onalar, yozuvchi va shoirlar hamda Qurolli Kuchlar faxriylari bitiruvchilarni qutlab, ularning kelgusi xizmat faoliyatlarida va shaxsiy hayotlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi. Yosh leytenantlar ham zimmalaridagi ulkan mas’uliyatni his qilgan holda bildirilgan yuksak ishonchga munosib faoliyat yuritishga va’da berdilar. Bitiruv marosimi turli sahna chiqishlari va konsert dasturlari bilan davom etdi.
Qarshi shahrida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviasiya bilim yurtida ham samo lochinlari saflarga tantanali kuzatildi. Bu yilgi bitiruv bilim yurti shonli tarixida 26-bitiruv sifatida o‘rin egalladi.
Tadbirda mudofaa vazirining o‘rinbosari — Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondoni general-mayor Ahmad Burhonov va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Zaynobiddin Iminov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etib, bitiruvchilarning kelgusidagi faoliyatlariga omad va zafarlar tiladi.
Darhaqiqat, bugungi bitiruvchilar 5 yil mobaynida bilim yurtida zamonaviy bilim olib, intellektual salohiyatli kadr sifatida tayyorlanib, Qurolli Kuchlarimizning Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari tarkibiga munosib uchuvchi va muhandis sifatida kuzatildi.
Mamlakatimizdagi yana bir nufuzli va tayanch oliy harbiy ta’lim muassasalaridan biri sanalgan Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida o‘tkazilgan bitiruv tadbirlari yuqori saviyada tashkil qilindi.
Bilim yurti bitiruvchilariga diplom va ko‘krak nishonlarini mudofaa vazirining jangovar tayyorgarlik bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Qodirjon Tursunov, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, Qurolli kuchlar faxriylari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlaridan kelgan mehmonlar birgalikda tantanali topshirdilar. Ularga yangi-yangi dovonlarni zabt etishlarida tolmas kuch-quvvat tilashdi. Yosh ofiserlar ham zimmalaridagi ulkan mas’uliyatni his qilgan holda o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonchni kelgusidagi munosib faoliyati bilan oqlashga va’da berdilar.
Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida o‘tkazilgan bitiruv marosimida belgilangan muddat davomida tanlagan sohalari bo‘yicha ta’lim-tarbiya olgan kursantlar ham qo‘llariga diplom va ko‘krak nishonlarni olar ekan, muassasada yaratilgan shart-sharoitlar, berilgan bilim, tajriba va ko‘nikmalar uchun minnatdorchilik bildirdi.
Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar yosh ofiserlarni samimiy tabriklab, kelgusi faoliyatlariga ulkan zafarlar tiladi.
Aloqa harbiy instituti bitiruvchilariga diplom va ko‘krak nishonlarini mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda tantanali topshirdi.
Mudofaa vazirligi tasarrufidagi barcha oliy harbiy ta’lim muassasalarida kursantlarning bitiruv marosimlari yuqori saviyada o‘tkazildi. Joylardagi bayramona tadbirlarda yosh leytenantlar tantanali marsh bilan saflarga kuzatildi.