NBC News xabar berishicha, Britaniya shahzodasi Endryuni jinsiy zo‘ravonlikda ayblagan amerikalik Virjiniya Juffre G‘arbiy Avstraliyadagi fermasidagi uyida o‘lik holda topilgan.
Juffrening qarindoshlari bayonotiga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan. U 41 yoshda edi.
"Virjiniya jinsiy zo‘ravonlik va jinsiy qullikka qarshi kurashda jasoratli jangchi edi. U ko‘plab jabrlanganlarga yordam bergan nur edi. Oxir-oqibat zo‘ravonlik yuki shunchalik og‘irlashdiki, Virjiniya uni endi ko‘tara olmay qoldi," deya Juffre oilasi bayonotidan iqtibos keltiradi nashr.
Virjiniya Juffre 2021 yil avgust oyida Qirolicha Yelizaveta II ning o‘g‘liga qarshi jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha da’vo qo‘zg‘atgan edi. Uning aytishicha, u o‘smirlik chog‘ida shahzoda bilan do‘st bo‘lgan amerikalik moliyachi Jeffri Epshteynning qurboniga aylangan. Epshteyn 2019 yilda voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatasiya qilishda ayblanib, qamoqxonada o‘z joniga qasd qilgan edi.
Juffrening aytishicha, Epshteyn uni o‘zining nufuzli tanishlari, jumladan, shahzoda Endryuga "foydalanish uchun bergan". 2001 yilda, 17 yoshida ekanida, u Britaniya malikasining o‘g‘li bilan uch marta jinsiy aloqada bo‘lganini amerikalik ayol ma’lum qildi.
Shahzoda Endryu bu ayblovlarni bir necha bor inkor etgan. Nyu-York sudi da’voni rad etishdan bosh tortganidan so‘ng, u harbiy unvonlaridan mahrum etildi, shuningdek, qirollik homiylik vazifalarini topshirdi va "Qirollik oliy hazratlari" unvonidan voz kechdi. 2022 yil fevralda shahzoda Endryu va Virjiniya Juffre sudgacha kelishuvga erishgani e’lon qilindi. Shahzoda Endryu Juffrega tovon puli to‘lashga rozilik bildirdi, ammo uning miqdori oshkor qilinmadi.