Amerika Qo‘shma Shtatlarining Urushni o‘rganish instituti (ISW) 26 aprel hisobotida keltirilishicha, Rossiya 2025 yilning yoz va kuz fasllarida Ukrainaga qarshi yangi hujum taktikasini o‘zgartirishni rejalashtirmoqda.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, Rossiya Ukraina dronlariga qarshi kurashish maqsadida hujum operasiyalarida motosikllardan tizimli foydalanishga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Hisobotda aytilishicha, yaqinda Rossiya Mudofaa vazirligi rossiyalik jangchilar harbiy poligonda ikki-uch kishilik guruhlarda motosikllar yordamida hujum va mudofaa taktikasini mashq qilayotganini aks ettiruvchi videoni e’lon qilgan: "Ushbu video Rossiya harbiy kuchlari motosikllardan tizimli ravishda hujum uchun foydalanish taktikasini ishlab chiqayotganini va Ukrainadagi Rossiya harbiy xodimlariga ko‘proq miqdorda motosikllar yetkazib berishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ko‘rsatmoqda."
ISW Ukraina Qurolli kuchlari Xarkov guruhi matbuot kotibi Pavel Shamshinning so‘zlarini keltiradi. Uning aytishicha, Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari o‘z askarlariga motosikllardan foydalangan holda jang olib borish taktikasini o‘rgatmoqda. Bu esa Rossiya qo‘shinlari 2025 yilning yozi va kuzida Ukrainadagi hujum operasiyalarida motosikllardan tobora ko‘proq foydalanishi mumkinligini ko‘rsatuvchi belgi hisoblanadi. Shamshin ta’kidlashicha, motosikllar rus askarlariga tezlik va chaqqonlikni oshirish imkonini beradi, bu esa Ukraina dronlari zarbalaridan qochish uchun juda muhimdir. Shu bilan birga, motosiklning baland ovozi haydovchiga yaqinlashib kelayotgan dronlarni eshitishga xalaqit beradi.