Bugun 19 oktyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Olimlar yangi o‘simlik turiga Lionel Messining nomini berishdi (Foto)

Olimlar yangi o‘simlik turiga Lionel Messining nomini berishdi (Foto)

Peru Andi tog‘larida olimlar gulli o‘simlikning yangi turini kashf etishdi. Unga argentinalik mashhur futbolchi Lionel Messi sharafiga Salvia messii nomi berildi. Bu haqda The Athletic nashri xabar tarqatdi.

O‘simlikning nomi va tashqi ko‘rinishi futbolchi bilan bevosita bog‘liq. Uning gullari oq va och ko‘k ranglarda bo‘lib, Argentina milliy terma jamoasi libosining ranglarini eslatadi.

Botanik nomenklatura qoidalariga ko‘ra, o‘simlikka inson sharafiga lotincha nom berilganda, uning familiyasiga «i» harfi qo‘shilishi mumkin. Shu tariqa, yangi tur Salvia messii, ya’ni «Messi o‘simligi» deb nomlandi.

Salvia messii yalpizdoshlar (Lamiaceae) oilasiga mansub. Ushbu turkumga kiruvchi o‘simliklar foydali xususiyatlari bilan mashhur. Xususan, ularning ayrimlari antioksidant, yallig‘lanishga qarshi va antiseptik ta’sirga ega.

Biroq yangi kashf etilgan o‘simlikning ana shunday xususiyatlarini o‘rganish imkoniyatlari cheklangan. Chunki u juda kichik hududda tarqalgan.

Tadqiqotchilar Paul Gonsales, Rolando Uriya va Jan Kapcha-Ramos ushbu o‘simlikni yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar qatoriga kiritishgan.

Qizig‘i, Lionel Messining nomi biologiya olamida birinchi marta abadiylashtirilayotgani yo‘q.

Avvalroq uning sharafiga yana beshta biologik tur nomlangan. Ular orasida Liolaemus messii kaltakesagi, Acanthogonatus messii o‘rgimchagi va Cercopemyces messii zamburug‘i bor.

Bundan tashqari, yo‘qolib ketgan ikki tur — Vultur messii kondori va Discinisca messii dengiz umurtqasiz jonivori ham argentinalik futbolchi sharafiga nomlangan.

Hozirda 39 yoshda bo‘lgan Lionel Messi 6 oktyabr kuni Argentina milliy terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi. U terma jamoa safida 208 ta uchrashuvda maydonga tushib, 126 ta gol urgan.

Messi xalqaro maydonda 2022 yilgi jahon chempionati, 2021 va 2024 yillardagi Amerika kubogi hamda 2022 yilgi «Finalissima» g‘olibi bo‘lgan.

2026 yilgi jahon chempionatida ham u Argentina terma jamoasi bilan finalgacha yetib borgan va sakkizta gol bilan musobaqaning ikkinchi eng yaxshi to‘purariga aylangan.

Klub miqyosida esa Messi Ispaniya chempionati va «Barselona» tarixidagi eng yaxshi to‘purar bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, argentinalik futbolchi sakkiz marta «Oltin to‘p» mukofotini qo‘lga kiritgan.

Olimlar yangi o‘simlik turiga Lionel Messining nomini berishdi (Foto)

Kiritildi: 19:30 18.10.2026. O'qildi: 348 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!