Uxlashdan oldin sut mahsulotlari va shirinliklarni iste’mol qilish uyqusizlik va tungi dahshatli tushlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda Daily Mail nashri Frontiers in Psychology jurnalida chop etilgan tadqiqotga tayanib xabar berdi.
«Uxlashdan oldin dam olish uchun bir stakan iliq sut ichish aslida uxlab qolishga xalaqit berishi mumkin», — deyiladi maqolada.
Tadqiqot mualliflari o‘rtacha yoshi 20 yosh bo‘lgan 1082 nafar talabadan bir oy davomida uyqu sifati bo‘yicha 19 ta savoldan iborat so‘rovnomani to‘ldirishni so‘ragan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, uxlashdan oldin sut mahsulotlari, shirinliklar, go‘sht va achchiq taomlar iste’mol qilgan odamlarda uyqusizlik va tungi dahshatli tushlar ko‘proq kuzatilgan.
Tadqiqotda, shuningdek, laktozani hazm qila olmaslik va tungi dahshatli tushlar o‘rtasida bog‘liqlik aniqlangan. Laktaza yetishmovchiligi bo‘lgan odamlarda gazak turidan qat’i nazar, uyqu sifati yomonlashishi ancha ko‘p kuzatilgan.
Shu bilan birga, tadqiqot ishtirokchilarining 20 foizi kechasi meva, o‘simlik choyi va sabzavot iste’mol qilish orqali uyqusini yaxshilagan.
Avvalroq somnolog, kardiolog va funksional diagnostika mutaxassisi Valeriya Bonadikova melatoninni uzoq vaqt davomida nazoratsiz qabul qilish yurak-qon tomir asoratlari xavfini oshiradigan kasalliklarni yashirishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Shifokorning ta’kidlashicha, surunkali uyqusizlik ortida ko‘pincha obstruktiv uyqu apnoesi yashirin bo‘ladi. Bu uyqu vaqtida nafas olishning to‘xtab qolishi bilan kechadigan holat bo‘lib, tungi qon bosimining oshishi va yurak ritmining buzilishi bilan bog‘liq.