UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyev o‘zbekistonlik sportchilarini Qozog‘istonning Octagon ligasida qatnashmaslikka chaqirdi. Bu haqda “Sportnews.kz” xabar bermoqda.
Ro‘ziboyev ushbu murojaatni Instagram sahifasidagi jonli efir davomida yo‘llagan. Sportchi Olmaotadagi Octagon ligasi matbuot anjumani oldidan sodir bo‘lgan janjal sabab bu qarorga kelgan.
Qozog‘istonlik jangchi Erkabulan To‘ktar o‘zbekistonlik Odilxon Kamolov bilan tortishib qolib, to‘satdan unga shapaloq tushirgan. Ushbu hodisa aralash jang san’ati muxlislari va jamoatchilik orasida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ayrimlar bu voqea rejalashtirilgan harakat bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.
Jumladan, tojikistonlik jangchi Kamariddin “Kamil Karate” Hasanov ushbu voqea To‘ktar va Kamolov o‘rtasidagi uchinchi jangga bo‘lgan qiziqishni oshirish uchun uyushtirilganini ta’kidladi.
Octagon ligasi mojaro yuzasidan tezda munosabat bildirdi hamda sportchilarga qat’iy chora ko‘rdi – To‘ktar va Kamolov olti oyga musobaqalardan chetlashtirildi.