Bugun 28 fevral, 2026 yil, shanba

КИР

Nuri Shaxin gol urishdan to‘xtagan Shomurodov haqida nimalar dedi?

Nuri Shaxin gol urishdan to‘xtagan Shomurodov haqida nimalar dedi?

Turkiya chempionatining 24-turida “Istanbul Bashakshehir” o‘z maydonida “Konyaspor” jamoasini 2:0 hisobida yengib, ochkolari sonini 39 taga yetkazib oldi. Mezbonlarning g‘alabasini ta’minlagan har ikki golni Devi Zelke kiritdi.

Eldor Shomurodov bu gal ham gol urolmadi. To‘purarlar kurashida hamyurtimiz bilan raqobatlashayotgan “Trabzonspor” forvardi Pol Onuachu “Karagyumryuk” darvozasini ishg‘ol qilib, gollari sonini 18 taga yetkazdi va endi Eldordan ikkita to‘pga oldinda bormoqda.

Istanbuldagi uchrashuvdan keyin “Bashakshehir” bosh murabbiyi Nuri Shaxin o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi va Shomurodovning mahoratiga ham baho berdi.

O‘yin haqida

Avvalo, g‘alabadan juda xursandman. O‘yinga kelsak, birinchi bo‘limda na biz, na raqib xohlagan o‘yinni ko‘rsata oldik. Tomoshabinlar uchun ham, biz uchun ham yaxshi futbol bo‘lmadi. O‘yin deyarli mazmunsiz kechdi.

Ikkinchi bo‘limda esa o‘zimizga va tamoyillarimizga mos o‘yinni namoyish etdik. O‘ylaymanki, bu g‘alabaga loyiq ravishda erishdik. Birinchi bo‘lim umuman yoqmadi, ammo ikkinchisidan juda mamnunman.

Yana bir masalaga to‘xtalmoqchiman. Afsuski, bugun to‘p atigi 45 daqiqa o‘yinda bo‘ldi. Boshqacha aytganda, o‘yinning yarmida futbol bo‘lmadi. Biz doimo turk futboli qiymati haqida gapiramiz. Bu yerda eng katta mas’uliyat murabbiylar, shuningdek hakamlar va futbolchilar zimmasida. 45 daqiqa o‘rniga 55–60 daqiqa murosasiz o‘yinni ko‘rishimiz kerak. Shu masalaga e’tibor qaratmoqchi edim. Men juda xursandman. “Konyaspor”ga ham omad tilayman.

Maqsad haqida

Afsuski, mavsum boshida, moslashuv davrida ham, men kelgunimcha ham juda ko‘p imkoniyatlar boy berilgan. Shuning uchun har hafta futbolchilarimga: “Bu final o‘yini”, deb aytaman. Ular bundan charchashgan, ammo bu haqiqat. Har bir o‘yin biz uchun final. Bir o‘yinni yutqazsangiz, poygadan chiqib ketasiz. Shuning uchun har bir o‘yinga alohida yondashishga qaror qildik.

Chempionatning eng go‘zal, ammo eng qiyin davriga kirdik. Bu yerda xatoga o‘rin yo‘q. Ligada qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz va har bir o‘yinga alohida yondashamiz. Kubok haqida aytsak, u haqiqiy final. Chunki durang yetarli emas. Bizga g‘alaba kerak. “Bashakshehir” har doim kubok o‘yiniga g‘alaba uchun chiqadi. Men uchun ham shunday.

Umid qilamanki, ajoyib o‘yin bo‘ladi. Biz yutamiz va chorak finalga chiqamiz. Keyin esa, har qanday jamoa kabi, maqsadimiz — kubokni yutish. Kubokda ham, chempionat yakunida ham istalgan natijaga erishamiz, deb ishonaman. Qo‘limizdan kelgancha harakat qilyapmiz. O‘yinimizga, futbolchilarimizga va klubimizga munosib tarzda o‘ynashga intilayapmiz.

Shomurodov va Zelke haqida

Avvalo, Zelke va Shomurodov yaxshi o‘ynayotganini ta’kidlashim lozim. Menda to‘rt nafar juda yaxshi saviyadagi hujumchi bor. Ularni maydonda ko‘rishni istayman. Shuning uchun shu sxemani tanladik.

Eldorning intellektual salohiyati Zelkening ishini ancha yengillashtiradi. Shu bilan birga, Zelkening jismoniy ko‘rsatkichlari va bosh bilan o‘ynashi Shomurodovga ham katta yordam beradi. Ular yaxshi duetga aylandi.

Zelke ham sekin-asta gol ura boshladi. Men ham u bilan o‘ynaganman. Uning gol ura olishini doim bilganman va shu bois sabr qildim. Biz ko‘proq uning o‘yiniga e’tibor qaratdik. Asta-sekin gollar kela boshladi.

Eldor va Devi bir-birini yaxshi to‘ldiruvchi ikki futbolchi. Umid qilamanki, Bertug‘ ham bu safga qaytib qo‘shiladi. Nuno da Koshta timsolida yana bir yaxshi hujumchimiz bor. Biz bu holatni juda yaxshi uddalamoqdamiz.

Endi Nuri Shaxin jamoasi Turkiya chempionatining navbatdagi turida o‘zidan bir pog‘ona yuqorida turgan “Gyoztepe” futbolchilarini qabul qiladi. Bu uchrashuv 8 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

Kiritildi: Bugun 19:59. O'qildi: 497 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!