Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining qaroriga asosan qarzdor "Baxtiyar Raxat" fermer xo‘jaligidan “Agrobank” ATB foydasiga 588,5 mln. so‘m undirish, undiruvni VOLKSWAGEN ID4 FAW LITE PRO rusumli avtomashinaga qaratish belgilangan.
Ushbu sud qarori bo‘yicha chiqarilgan ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Alohida muhim ijro ishlarini ijro etish bo‘limi ish yurituviga kelib tushib, bo‘lim tomonidan ijro harakatlariga kirishilgan.
Xususan, bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga ushbu ijro hujjati ijrosini ta’minlash uchun 15 kunlik ixtiyoriy muddat berilib, sud qarorining ijrosini ta’minlamaslik oqibatlari tushuntirilgan.
Shunga qaramasdan, qarzdor tomonidan ijro hujjati talabi ixtiyoriy ravishda bajarilmaganligi sababli, kreditga olingan avtomashina bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan tegishli tartibda xatlovga olingan va elektron onlayn-auksion savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarib yuborilgan.