Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatida Nipax virusi tarqalishi bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyat yuzaga kelgani sababli O‘zbekiston Bosh davlat veterinariya inspektori tegishli qarorni qabul qildi.
Xalqaro hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti (WOAH) ma’lumotlariga asoslangan ushbu hujjat virusning mamlakatimiz hududiga kirib kelishining oldini olishga qaratilgan.
Qarorga muvofiq, 2026 yil 29 yanvardan boshlab Hindistonning barcha hududlaridan tirik hayvonlar va qushlarni olib kirish vaqtincha to‘xtatildi. G‘arbiy Bengaliya shtatidan davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi barcha turdagi tovarlar importiga ham cheklov joriy etildi.
Shuningdek, hujjatda davlat veterinariya xizmati tomonidan epizootik jihatdan sog‘lom hududlar bo‘yicha masalalar alohida tartibda ko‘rib chiqilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.
Hududiy va chegaralardagi bosh davlat veterinariya inspektorlariga o‘rnatilgan cheklovlar ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish hamda aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish vazifasi topshirildi.