Ukraina prezidenti CBS telekanalining Face the Nation dasturiga bergan intervyusida jangovar maydonda mamlakat uchun qulay bo‘lgan vaziyatdan foydalanib, Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini boshlashga intilishini aytdi.
"2025 yilning dekabridan Rossiya jang maydonidagi tashabbusni qo‘ldan boy bera boshladi. Men bu ma’lumotlarni amerikalik hamkorlarimiz bilan bo‘lishdim. Ularga yanvarda muzokaralar uchun imkoniyatlar oynasi ochilganini aytdim, chunki har oy ular ko‘proq odam yo‘qotmoqda va shu sababli jang maydonidagi tashabbusni ham boy bermoqda", – deya ta’kidladi Zelenskiy.
"Endi esa ular bizga ommaviy raketa zarbalari bilan hujum qilishni boshlashdi va yana qaytaraman, buni qilishlariga asosiy sabab ular jang maydonida mag‘lub bo‘layotganidir. Rossiyaliklar bir oy ichida yo‘qotayotgan hududlaridan ko‘ra ko‘proq hududni egallay olishmadi. Shu bois, hozir bizda qishgacha bo‘lgan vaqt oralig‘i bor", — deya qo‘shimcha qildi u.
Vashingtondagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) haqiqatan ham mart oyida Moskva nazoratidagi Ukraina hududi maydoni oshmaganini, aprel oyida esa hatto qisqarganini qayd etishgan. Kuzatuvchilar Rossiya qo‘shinlarining yo‘qotishlari ortib borayotganini, bunga asosan Kiyevning dronlar soni va jangovar imkoniyatlari bo‘yicha erishgan ustunligi sabab bo‘layotganini ta’kidlamoqda. Hatto rossiyalik urush tarafdori bo‘lgan sharhlovchilar va blogerlar ham shunga o‘xshash baholarni berishgan.
"Qishgacha biz diplomatik yo‘lni topishimiz, ular bilan o‘tirib gaplashib olishimiz kerak", — dedi Zelenskiy.