Bugun 2 iyun, 2026 yil, seshanba

КИР

O‘zbekistonda 4000 yil oldin bosh suyagida operasiya qilingan bola qoldiqlari topildi

O‘zbekistonda 4000 yil oldin bosh suyagida operasiya qilingan bola qoldiqlari topildi

Italiyalik va o‘zbekistonlik arxeologlar Surxondaryodagi qadimiy Jarqo‘ton manzilgohida 4000 yillik qabrni o‘rgandi. Qabrdan ikki bolaning qoldiqlari topilgan, ulardan birining bosh suyagida qadimiy jarrohlik amaliyoti izlari aniqlangan. Bu haqda Italiya TIV saytida e’lon qilingan Salento universiteti arxeologlari xabarida ma’lum qilindi.

Olimlarning fikricha, bu Markaziy Osiyoda hujjatlashtirilgan eng qadimgi trepanasiya holati bo‘lishi mumkin. Trepanasiya — bosh suyagida maxsus teshik ochish bilan bog‘liq qadimiy jarrohlik amaliyoti hisoblanadi.

Qazilma ishlari Salento universitetidan Enriko Askalone va Termiz davlat universitetidan Alisher Shaydullayev boshchiligidagi Italiya–O‘zbekiston arxeologik ekspedisiyasi tomonidan olib borilgan.

Jarqo‘ton Oks sivilizasiyasi, ya’ni Baqtriya-Marg‘iyona arxeologik majmuasiga oid yirik bronza davri yodgorliklaridan biri hisoblanadi. Manzilgoh hududida qal’a, saroy, ibodatxona va turar joylar qoldiqlari aniqlangan.

Arxeologlar topgan qabrda taxminan uch va besh yoshli ikki bola birga dafn etilgan. Mutaxassislar hisobicha, qabrning yoshi taxminan 4000 yilga teng.

Tadqiqotchilardan biri topilmani Jarqo‘tonning yana bir kutilmagan sirlaridan biri deb atagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda 4000 yil avval bolaning bosh suyagida bunday amaliyot o‘tkazilganini tasavvur qilish qiyin edi, ammo endi bu ma’lumot arxeologik dalillar bilan tasdiqlanmoqda.

Olimlar bunday operasiya nima maqsadda qilinganini hozircha aniq bilmaydi. U davolash, og‘riqni yengillatish yoki marosimiy sabablar bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Keyingi tadqiqotlar bu savollarga aniqroq javob berishi kutilmoqda.

Kiritildi: Bugun 15:11. O'qildi: 469 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!