Niderlandiya Markaziy banki “o‘sib borayotgan geosiyosiy beqarorlik fonida” oltin zaxirasining bir qismini AQSh va Kanadadan Buyuk Britaniyaga ko‘chirdi.
Niderlandiya Markaziy banki Nyu-York va Ottavada saqlanayotgan oltin zaxiralarining bir qismini Londonga ko‘chirdi. Regulyator o‘z qaroriga "O‘sib borayotgan geosiyosiy beqarorlik fonida inqiroz holatlariga tayyorgarlikni kuchaytirish", deb izoh berdi.
"Niderlandiya oltin zaxiralarining likvidligi va savdo uchun qulayligini oshirish — bu tayyorgarlikning bir qismidir. Bundan tashqari, zaxiralarning Shimoliy Amerika, Buyuk Britaniya va Niderlandiya o‘rtasida mutanosib taqsimlanishi xavf-xatarlarni diversifikasiya qilishga imkon beradi va inqiroz yuz bergan taqdirda oltindan tezroq foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi", deyiladi Markaziy bank bayonotida.
Umuman olganda, 2026 yilning mart oyidan avgust oyigacha Niderlandiya Markaziy banki Londonga qiymati taxminan 12 milliard dollarga teng bo‘lgan qariyb 86 tonna oltinni ko‘chirdi. Ushbu amaliyotga qadar AQSh va Kanadada Niderlandiya oltin zaxirasining 313 tonnasi saqlanayotgan edi.