Nomzod namoyishchilar tomonidan ilgari surilgandi.
Nepal prezidenti Ram Chandra Paudel mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari fonida Oliy sudning sobiq raisi Sushila Karkini vaqtinchalik bosh vazir etib tayinladi. OAV xabarlariga ko‘ra, prezident namoyishchilarning bosimiga yo‘l bergan, shuningdek, vakillar palatasini tarqatish va favqulodda holat joriy etishga ham rozi bo‘lgan.
Avvalroq namoyishchilar Karkini bosh vazirlikka asosiy nomzod sifatida ilgari surishgan edi. 73 yoshli Karki korrupsiyaga qarshi faol kurashchi sifatida tanilgan bo‘lib, u 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi parlament saylovlarigacha hukumatni boshqaradi.
8–9 sentyabr kunlari mamlakatda hukumatning ijtimoiy tarmoqlarni bloklash qaroriga va keng tarqalgan korrupsiyaga qarshi yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi. “Z avlod” deb nom olgan noroziliklar polisiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib, tartibsizliklarga sabab bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 51 kishi halok bo‘ldi, 1300 dan ortiq kishi turli darajadagi tan jarohatlari oldi.
Namoyishlar natijasida hukumat ijtimoiy tarmoqlarni bloklash qarorini bekor qildi, amaldagi bosh vazir Sharma Oli esa iste’foga chiqdi.