Germaniyaning sobiq prezidenti Yoaxim Gauk mamlakat ehtimoliy urushga nafaqat texnik, balki ma’naviy jihatdan ham tayyor emasligini aytdi. Nemis jurnalisti Filipp Sandman bilan suhbatda u Berlinning Yevropaning yetakchi harbiy kuchiga aylanish istagini inobatga olgan holda, nafaqat qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirish, balki jamiyatning psixologik barqarorligini oshirish zarurligini ta’kidladi.
"Bizga yangi jiddiylik kerak - nafaqat texnologiyada, balki his-tuyg‘ular, axloq, siyosatda ham", dedi o‘tmishda Sharqiy Germaniyaning sobiq rejimiga keskin qarshiliklari bilan tanilgan 85 yoshli siyosatchi va sobiq pastor.
Gauk, shuningdek, Moskvaga yon berishni nazarda tutuvchi har qanday tinchlik tashabbuslariga qarshi chiqdi. AQSh prezidenti Donald Trampning Ukrainadagi urushni hal qilish bo‘yicha takliflarini sharhlar ekan, u shunday dedi: "Agar Rossiya o‘zi xohlagan narsaga kuch bilan erishsa, tinchlik bo‘lmaydi. Bu tinchlik emas, balki bo‘ysunish bo‘ladi".
Gaukning bayonoti yangi kansler Fridrix Merzning (CDU) mamlakat harbiy qudratini tiklash rejalari fonida yangramoqda. Berlinda ular 2011-yilda bekor qilingan harbiy xizmatni qaytarish, Bundesver va infratuzilmaga yirik sarmoya kiritish masalalarini muhokama qilmoqda.
NATOning sharqiy qanotiga uskunalar o‘tkazish uchun muhim bo‘lgan ko‘priklar holati alohida tashvish uyg‘otadi. Zaxiradagilar uyushmasi rahbari polkovnik Patrik Sensburgga ko‘ra, mamlakatdagi har uchinchi ko‘prik yaroqsiz holatda.
Shu bilan birga, Yevroparlamentdagi EPP fraksiyasi raisi Manfred Veber harbiy sohani umumiy moliyalashtirish bilan Yevropa Ittifoqi tarkibida “mudofaa ittifoqi”ni yaratishga chaqirdi. Yevropa "kengroq miqyosda o‘ylashi va bahslashi kerak", dedi u, aks holda o‘zini himoya qila olmaslik xavfi bor.