Navoiy viloyati IIBga ko‘ra, Zarafshon shahrida yosh oilalardan birida yuzaga kelgan tortishuvlar kelinning ammasining jahlini chiqargan. 54 yoshli ayol avval kuyovining “aqlini kiritib qo‘yish”, keyinchalik uni o‘ldirish uchun 40 mln so‘m evaziga o‘ziga tanish bo‘lgan ikki kishini yollagan.
Viloyat IIB tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida suiqasd sun’iy tarzda tashkil etilib, jarayon videotasvirga olingan va buyurtmachiga yuborilgan.
Ayol videoni qabul qilib olgach, kelishilgan mablag‘dan 2,3 million so‘mni yollangan shaxslarning kartalariga o‘tkazgan. Tezkor harakatlar natijasida u jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.