Eron bilan bog‘liq mojaro va Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan harakatlanish cheklangani sababli global neft zaxiralari rekord darajada qisqarmoqda, deya yozmoqda agentlik yirik banklar va tahliliy kompaniyalar baholariga tayanib.
Tahlilchilar dunyo iqtisodiyoti asosiy neft zaxiralarini shiddat bilan yo‘qotayotganidan ogohlantirmoqda. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilganidan keyin ikki oy ichida dunyo bir milliard barreldan ortiq xomashyo yetkazib berishdan mahrum bo‘ldi.
Morgan Stanley ma’lumotlariga ko‘ra, 1 martdan 25 aprelgacha jahon neft zaxiralari kuniga taxminan 4,8 million barrelga kamaydi. Bu Xalqaro energetika agentligi tomonidan kuzatuvlar tarixida qayd etilgan eng katta choraklik qisqarishdir. Pasayishning qariyb 60 foizi xom neftga, qolgan qismi esa neft mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
JP Morgan tahlillariga ko‘ra, agar Hormuz bo‘g‘ozi yaqin haftalarda yopiq qolsa, iyun oyidayoq IHTT (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti) mamlakatlari “operasion stress” ga duch kelishi, sentyabrga kelib esa zaxiralari kritik darajagacha tushishi mumkin.
Hozirda Osiyoning importga qaram mamlakatlari — Indoneziya, Vyetnam, Pokiston va Filippin eng zaif bo‘g‘in bo‘lib turibdi. Treyderlar ushbu hududlarda bir oy ichida yoqilg‘i taqchilligi yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
AQSh ham o‘z zaxiralarini sarflashda davom etmoqda. Agar Vashington bozorga e’lon qilingan hajmlarni to‘liq chiqarsa, mamlakatning strategik neft zaxirasi 1982 yildan beri eng minimal ko‘rsatkichga tushishi mumkin.