Independent nashri xabariga ko‘ra, NATO qo‘shinlari London markazidagi Charing Kross metro stansiyasining tashlandiq platformasida Rossiyaga qarshi ehtimoliy hujum ssenariylarini mashq qildi.
Britaniya armiyasining Tezkor reaksiya korpusi “Arkada zarbasi” deb nomlangan mashg‘ulot o‘tkazmoqda. Unda harbiylar Rossiya aloqalarini izdan chiqarish va dronlarni yo‘q qilish uchun elektron urush tizimlaridan foydalanishni sinovdan o‘tkazgan.
Qo‘mondonlar ma’lumotiga ko‘ra, ssenariy Boltiqbo‘yi davlatlaridan biriga uyushtirilgan shartli bosqinni qaytarishga qaratilgan.
NATO quruqlik kuchlari qo‘mondoni, amerikalik general Kristofer Donaxyu 2030 yilgacha to‘liq tayyor bo‘lish alyans uchun majburiy vazifa ekanini aytdi.
“2030 yilga tayyor bo‘lish — bu shunchaki shior emas, bu biz bajarishimiz shart bo‘lgan vazifa”, — dedi u.
Britaniya Tezkor reaksiya korpusi qo‘mondoni general-leytenant Mayk Elvis esa Rossiyaning asosiy ustunliklari sifatida kuchlarni tez jamlash va hujum tashabbusini qo‘lda ushlab turish qobiliyatini ko‘rsatdi.
Muhandislar tashlandiq metro platformasida to‘liq faoliyat ko‘rsatuvchi qo‘mondonlik markazini tashkil qildi. Zarur holatda ushbu shtab 100 ming nafar askarni boshqarish imkoniyatiga ega ekani aytilmoqda.
General Donaxyu NATO zamonaviy va arzon texnologiyalar bo‘yicha Rossiya hamda Ukrainadan ortda qolayotganini tan oldi. Ayniqsa, optik tolali boshqaruvga ega dronlar alyans uchun jiddiy muammoga aylangani ta’kidlandi.
NATOning Yevropadagi Ittifoqdosh kuchlari oliy qo‘mondoni general Aleksis Grinkevich ham mashqlarni juda muhim deb atadi.
“Agar biz raqiblarimizdan tezroq o‘rganmasak va moslashmasak, bu mudofaamizga putur yetkazadi”, — dedi u.