NASA Mars tuproq namunalarini Yerga yetkazish rejasini qayta ko‘rib chiqishini ma’lum qildi. Agentlik bu vazifa ustida 20 yildan buyon ishlab kelmoqda va hozirda Perseverance marsohodi tuproq namunalarini yig‘moqda. Biroq, missiya qiymati $11 mlrdgacha ko‘tarilib, muddati 2040 yilgacha cho‘zildi (dastlab $3 mlrd va 2026 yil edi).
NASA vakillari missiyaning texnik murakkabligi va narxini pasaytirish, shuningdek, namunalarni yetkazib berish muddatlarini qisqartirishga qaror qilganliklarini bildirdilar. Buning uchun tijorat kompaniyalari (SpaceX va Blue Origin) imkoniyatlaridan foydalanish mumkin. Yakuniy qaror 2026 yilda qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, bu NASA'ning Mars tarixini chuqur o‘rganishga qaratilgan eng ulkan sayyoraviy ilmiy missiyasi bo‘lib, ehtimol, Yerdan tashqaridagi hayotning ilk dalillarini topib, buyuk ilmiy kashfiyotni amalga oshirishi mumkin. Milliardlab yillar oldin bu sayyora iliq va nam bo‘lib, chamasi, biz tushunadigan hayot uchun barcha zarur sharoitlarga ega bo‘lgan.