AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington zarurat tug‘ilganda Eronga nisbatan qattiq choralar ko‘rishga, jumladan, uning yadro ob’ektlariga zarba berishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
U bu haqda Oq uyda Salvador prezidenti Nayib Bukele bilan uchrashuvda jurnalistlarga xabar berdi.
"Hammasi juda oddiy. Ularda (Eronda - tahr.) yadro quroli bo‘lmasligi kerak va ular tezda harakat qilishlari shart [AQSh bilan muzokaralar olib borishda], chunki ular allaqachon uni qo‘lga kiritishga yaqin - lekin ularda bu qurol bo‘lmaydi. Agar biz juda qattiq chora ko‘rishimiz kerak bo‘lsa, buni albatta amalga oshiramiz," - deya ta’kidladi Tramp.
Bu choralar Eronning yadro ob’ektlariga zarba berishni nazarda tutadimi, degan aniqlashtiruvchi savolga u: "Albatta," deya javob berdi.
12 aprel kuni Ummon poytaxti Muskat vositachiligida Tehron va Vashington o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. Eron tomonidan Tashqi ishlar vazirligi rahbari Abbos Aragchi, AQSh tomonidan esa prezidentning maxsus vakili Stiven Uitkoff ishtirok etdi. Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv qulay va tinch muhitda konstruktiv tarzda o‘tdi. Hatto Uitkoff va Aragchi Ummon tashqi ishlar vaziri huzurida bir necha daqiqa shaxsan suhbatlashishga ham ulgurdi. Muzokaralarning ikkinchi bosqichi 19 aprelga belgilangan.