Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Jizzax va Namangan viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari hamda Bojxona organlari hamkorligida Namangan shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida qalbaki 20 ming, 50 ming, 100 ming va 200 ming so‘mlik banknotlarni tayyorlash va sotish holati aniqlandi.
Pop tumanida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan hamda Izboskan tumanida istiqomat qiluvchi, 1999 yilda tug‘ilgan ikki shaxs jami 37,4 million so‘mlik qalbaki pullarni shartli xaridorga 7,5 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, ularni shaxsiy tintuv qilish jarayonida hamda boshqaruvida bo‘lgan «Lasetti» rusumli avtomobil salonida yana 6,4 million so‘mlik qalbaki pul borligi aniqlangan.
Tezkor tadbir davomida izboskanlik fuqaroning yashash xonadoni ham ko‘zdan kechirilgan. U yerdan 7,7 million so‘mlik qalbaki pul, turli kupyuralar tasviri tushirilgan 145 dona oq qog‘oz, kompyuter, rangli printer va boshqa ashyolar prosessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov doirasida ularning jinoiy aloqalarini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.