Bugun 19 oktyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Musulmonlarni kamsitgan muxlislar sabab Ispaniya terma jamoasi jazoga tortildi

Musulmonlarni kamsitgan muxlislar sabab Ispaniya terma jamoasi jazoga tortildi

Ispaniya terma jamoasining Misrga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida yuz bergan mojaro mamlakat futbol federasiyasi uchun intizomiy jazo bilan yakunlandi. FIFA muxlislarning diniy kamsitish ruhidagi hayqiriqlari sabab Ispaniya futbol federasiyasini 20 ming dollar jarimaga tortdi. Shuningdek, milliy jamoaning navbatdagi o‘rtoqlik bahsida tribunalarning bir qismi tomoshabinlar uchun yopiladi.

Mojaro mart oyida Barselona yaqinida joylashgan «Espanyol» klubiga qarashli «RCDE» stadionida sodir bo‘lgan. Uchrashuv vaqtida mahalliy ishqibozlarning ayrimlari «Kim sakramasa, o‘sha musulmon» degan shiorni takrorlashgan. Hayqiriqlar ikkinchi bor yangraganidan keyin stadion suxandoni tomoshabinlarga ogohlantirish bilan murojaat qilgan. Keyin esa katta ekranlarda har qanday kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi xabar paydo bo‘lgan.

Ispaniya milliy jamoasi yetakchilaridan biri Lamin Yamal ham voqeaga munosabat bildirib, bunday xatti-harakatlarni keskin tanqid qilgan. Musulmon diniga e’tiqod qiluvchi futbolchi muxlislarning bu qilmishini hurmatsizlik va mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat sifatida baholab, shiorlarni aytganlarni «johil va irqchilar» deb atagan.

Voqeadan so‘ng Ispaniya polisiyasi va FIFA intizomiy organlari tekshiruv boshlagan. Mamlakat futbol federasiyasi esa o‘zini himoya qilish jarayonida «musulmon» atamasining o‘zi haqoratli mazmunga ega emasligini ta’kidlagan. Federasiya ushbu ishni kamsitish va irqchilikka oid 15-modda asosida emas, balki siyosiy hamda diniy mazmundagi bildirishlarni tartibga soluvchi 17-modda bo‘yicha baholashni talab qilgan.

Biroq FIFA Ispaniya tomonining bu dalillarini qabul qilmadi. Xalqaro futbol tashkilotiga ko‘ra, muayyan harakatni kamsitish deb baholash uchun unda bevosita haqoratli so‘zlar bo‘lishi shart emas. Agar ibora muayyan guruhni masxaralash yoki tahqirlash maqsadida ishlatilsa, u intizomiy qoidalarning buzilishi hisoblanadi.

Shu tariqa, Ispaniya futbol federasiyasi zimmasiga 20 ming dollarlik jarima solindi. Bundan tashqari, terma jamoaning kelgusi o‘rtoqlik uchrashuvida stadion sig‘imining kamida 15 foiziga teng tribunalarni muxlislar uchun yopish majburiyati yuklatildi.

Kiritildi: 23:36 18.10.2026. O'qildi: 261 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!