Moskva shahar sudi (Mosgorsud) Rossiya Adliya vazirligining da’vosi asosida “Moskva shahridagi O‘zbek milliy-madaniy muxtoriyati mintaqaviy jamoat tashkilotini tugatish haqida qaror chiqardi. Bu haqda sud hujjatida aytiladi, u bilan TASS tanishib chiqqan.
Sud hukmida quyidagicha deyiladi:
«Sud "Moskva shahridagi O‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi" mintaqaviy jamoat tashkilotini tugatish va uni Yuridik shaxslarning yagona davlat reestridan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qildi».
Yuridik shaxslar yagona davlat reestri ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tashkilot 2015 yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Adliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra:
Tashkilot ustav hujjatlarida ko‘rsatilgan manzilda joylashmagan.
Uning asl manzilini aniqlashning iloji bo‘lmagan.
Ustavida amaldagi qonunchilikka zid bo‘lgan normalar mavjud.
Tashkilot o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni, rahbar organlarining shaxsiy tarkibi, mablag‘lar sarfi va mol-mulkdan foydalanish bo‘yicha hujjatlarni Adliya vazirligiga taqdim etmagan.
Adliya vazirligi bir necha marta hujjatlarni taqdim etish haqida ogohlantirgan, biroq tashkilot bu talablarni bajarmagan.
Shu sababli Adliya vazirligi Mosgorsudga tashkilotni tugatish to‘g‘risida ma’muriy da’vo kiritgan.
Tashkilot saytida qayd etilishicha, uning maqsadlari quyidagilardan iborat:
Rossiyada o‘zbek milliy an’analarini saqlash,
Mehnat migrantlarining ijtimoiy-madaniy moslashuviga ko‘maklashish,
Turli millat vakillarining o‘zbeklar madaniy merosiga yetarli darajada kirishini ta’minlash,
Ekstremizmning oldini olishga ko‘maklashish.