Bugun 9 iyul, 2025 yil, chorshanba

КИР

Tramp omma oldida Maskni masxara qildi

Tramp omma oldida Maskni masxara qildi

2025 yil 6 iyul kuni AQSh prezidenti Donald Tramp mashhur tadbirkor Ilon Maskning yangi siyosiy kuch — «Amerika partiyasi»ni tuzish tashabbusini ochiqchasiga tanqid qildi. U bu g‘oyani «kulgili» deb atadi va uchinchi partiyalar AQShda hech qachon samara bermaganini ta’kidladi.

Tramp jurnalistlarga shunday dedi:

«Uchinchi partiyalar hech qachon ish bermagan. Qo‘yivorsin, o‘zini ovuntirsin. Lekin g‘oya — mutlaqo kulgili».

Shundan so‘ng, Tramp Truth Social platformasida uzun bayonot berdi. Unda u Maskni nazoratni yo‘qotganlikda, siyosatga noto‘g‘ri aralashganlikda ayblab, uning harakatlarini «poyezd halokati»ga tenglashtirdi. Shuningdek, Tramp ta’kidlashicha, AQShda faqat ikki asosiy siyosiy kuch — Respublika va Demokrat partiyalari muvaffaqiyat qozongan, qolganlari esa fiasko bilan yakunlangan.

Tramp Maskni shaxsiy manfaatlarni ilgari surishda ham aybladi. Go‘yoki Mask o‘z do‘sti Jared Ayzekmanni NASA rahbari etib tayinlashni so‘ragan. Prezident buni manfaatlar to‘qnashuvi sifatida baholadi:

«Maskning yaqin do‘sti NASAga rahbar bo‘lishi menga noto‘g‘ri tuyuldi. Bu agentlik uning biznesi bilan bevosita bog‘liq», — dedi u.

Shu kuni Trampning moliya vaziri Skott Bessent ham Maskni tanqid qildi. U CNN orqali chiqish qilib, Maskni siyosatdan chiqib, kompaniyalarini boshqarishga qaytishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tesla va SpaceX investorlari Maskning siyosiy faolligidan norozi.

Mask esa bunga javoban Trampni mamlakat iqtisodiy ahvolini yomonlashtirganlikda aybladi. U Trampning $3,3 trillionlik soliq va xarajat qonunini imzolagani orqali AQShni bankrotlikka yetkazganini aytdi.

Ilon Mask «Amerika partiyasi»ni tuzishini X (sobiq Twitter) platformasida e’lon qildi. U partiyaning asosiy maqsadi «amerikaliklarning erkinligini tiklash» ekanini bildirdi. Mask partiyasi ayrim respublikachilar — ya’ni konservativ qarashli, lekin Trampdan charchagan saylovchilarni o‘ziga jalb qilishga qaratilgan.

X platformasida o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etganlarning ikkidan uch qismi uchinchi partiya g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, Mask Trampni Jeffri Epshteyn ishi bilan bog‘liqlikda ayblashga ishora qilgan. Bu esa prezident tomonidan Mask kompaniyalariga ajratiladigan subsidiyalarni qayta ko‘rib chiqish tahdidiga sabab bo‘lgan.

Kiritildi: 11:47 08.07.2025. O'qildi: 1091 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!