Rossiya prezidenti Vladimir Putin “G‘alaba uchun barchasi!” forumida chiqish qilib, G‘arb davlatlarini tanqid ostiga oldi. Unga ko‘ra, bu mamlakatlar ichki ijtimoiy muammolarni hal qilish o‘rniga, Ukrainaga mablag‘ ajratishni afzal ko‘rishmoqda.
“Ularda muammolar ko‘p va ular ancha og‘ir. Ammo shunga qaramay, ular pulni sog‘liqni saqlash, kommunal xizmatlar yoki maoshlarni oshirishga emas, Ukrainaga sarflamoqda”, — dedi Putin.
Uning aytishicha, faqatgina Butunrossiya xalq fronti (ONF) orqali jang maydoniga yuborilgan dronlar ukrain texnikasiga ikki milliard dollardan ortiq zarar yetkazgan.
“G‘arb soliq to‘lovchilari shu raqamlarni eshitib, hukumatlari ularning pullarini nimalarga sarflayotgani haqida o‘ylab ko‘rishsin”, — deb qo‘shimcha qildi u.
Putin, shuningdek, migrasiya masalasini ham ko‘tarib, Yevropaga millionlab migrantlar kelayotganini va ularni ish bilan ta’minlash zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, agar bu amalga oshmasa, ular mahalliy aholini mehnat bozoridan siqib chiqarishi mumkin.
“Bizda ham muammolar bor, lekin ularda — ancha og‘irroq. Agar ular Rossiyaga nisbatan hozirgi siyosatni davom ettirsa, vaziyat yanada yomonlashadi”, — dedi u.
Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp Putin bilan so‘nggi suhbati Ukraina bo‘yicha hech qanday ijobiy siljish bermaganini ma’lum qildi:
“Men xursand emasman. Men hech qanday progressga erishmadim”, — deya izoh berdi Tramp.