Poytaxtning Yunusobod tumanidagi “Anorzor” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida videotasvirda toshkentliklarni haqoratlagan surxondaryolik 25 yoshli N.X.ga nisbatan ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oliy sud portalida sud hujjati keltirilgan.
Ma’lum qilinishicha, Yunusobod tumani "Bog‘ishamol" mahallasida yashovchi va poytaxtdagi oliy o‘quv yurtlaridan birida talaba bo‘lgan N.X. 5 fevral kuni taksi chaqirgan. Taksi haydovchisi qizdan qayerdanligini so‘rab, viloyatliklarni haqorat qilgan. Shundan so‘ng, qiz haydovchining gaplaridan g‘azablanib, toshkentliklar haqida haqoratomuz so‘zlar ishlatib, video olgan va uni Instagram’ga joylagan.
Sud jarayonida u videolarni 5 daqiqadan keyin o‘chirib yuborgani, shuningdek, sog‘lig‘i tufayli 4 marotaba narkoz olgani, shuning uchun tezda jahli chiqib tinchlana olmasligini aytgan.
Sud N.X.ni MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan aybdor deb topib, unga nisbatan 10 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.