Moped, skuter va boshqa kichik hajmli mototransport vositasini boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etilishi bejiz emas. Yo‘l-transport hodisalari va qoidabuzarliklar statistikasi bu turdagi transport vositalari bilan bog‘liq xavflar ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Axborot xizmati rahbari Zoir Yo‘ldoshev ma’lumot berdi.
Uning qayd etishicha, 2026 yilning dastlabki 9 oyida moped va skuterlar ishtirokida 563 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Oqibatda 488 kishi tan jarohati olgan, 89 kishi halok bo‘lgan.
Qoidabuzarliklar soni ham keskin oshgan. 2025 yil davomida moped va skuter haydovchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq qariyb 300 ta holat aniqlangan bo‘lsa, 2026 yilning o‘tgan davrida ular soni 4312 taga yetgan.
Shuningdek, 162 ta holatda haydovchilar moped yoki skuterni ham tegishli hujjatlarsiz, ham mast holda boshqargani aniqlangan.
Zoir Yo‘ldoshevning ta’kidlashicha, keltirilgan raqamlar moped, skuter va boshqa kichik hajmli mototransport vositalarini boshqarishda xavfsizlik talablarini kuchaytirish zaruratini ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, dastlab moped va skuterni boshqarish uchun 1 martdan tegishli haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish talab qilingandi.
Hukumatning 12 apreldagi qarori bilan muddat 2025 yil 1 oktyabrdan qilib o‘zgartirildi.