Bugun 6 oktyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Xitoy AQShdan uloqni tortib oldi

Xitoy AQShdan uloqni tortib oldi

Xitoy Lotin Amerikasida ijobiy munosabat ko‘rsatkichi bo‘yicha ilk bor AQShni ortda qoldirdi.

«Latinobarómetro 2026» hisobotiga ko‘ra, mintaqadagi 17 davlat fuqarolari Pekinning global siyosatini Vashingtonning global siyosatidan ustun ko‘rmoqda. Mazkur tadqiqot e’lon qilina boshlagan 1995 yildan buyon bunday natija ilk bor kuzatilmoqda.

Lotin Amerikasi aholisining 65 foizi Xitoyning rolini ijobiy baholagan bo‘lsa, AQShning bu boradagi natijasi 60 foizdan 57 foizga pasaygan.

Mintaqa davlatlaridan faqat Kosta-Rika va Dominikana Respublikasi Xitoydan ko‘ra AQShni afzal deb baholagan.

Pekinning global ta’siri oshib borayotganiga qaramay, Lotin Amerikasidagi 63 foiz aholi AQSh brendini ijobiy deb hisoblaydi. Xitoy bu borada 58 foiz natijani qayd etgan. Ammo ijobiy brend borasidagi o‘zaro farq shiddat bilan qisqarib bormoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, Lotin Amerikasida AQSh imijining yomonlashib borayotgani prezident Donald Tramp olib borayotgan gegemonlik va zo‘ravonlik siyosati bilan bog‘liq. Jumladan, Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning o‘g‘irlanishi mintaqada kuchli xavotir uyg‘otdi.

Ma’lumot o‘rnida: joriy yil 3 yanvarga o‘tar kechasi AQSh Venesuela poytaxti Karakas hamda mamlakatning boshqa hududlariga harbiy hujum uyushtirdi.

Harbiy amaliyot davomida Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores Karakasdagi saroyidan o‘g‘irlab AQShga keltirildi. Qo‘shma Shtatlar rasmiy idoralari Maduroga nisbatan narkoterrorizm, giyohvandlik moddalari kontrabandasi, noqonuniy qurol-yarog‘ savdosi kabi moddalar bo‘yicha ayblov e’lon qilgan.

Maduroni o‘g‘irlash amaliyotini Qo‘shma Shtatlarning yutug‘i sifatida ko‘rsatib kelayotgan Tramp Venesuelani AQShning 51-shtati deya iddao qilgan.

Yaqinda AQSh Venesuela neft zaxiralarining qariyb beshdan bir qismi nazoratini ham qo‘lga kiritdi.

Ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi 80 yil ichida AQSh ishtirokida dunyo bo‘ylab 93 ta davlat to‘ntarishi yoki tuzum o‘zgarishi amalga oshirilgan.

Ularning salmoqli qismi Lotin Amerikasiga to‘g‘ri keladi.

Kiritildi: 16:14 05.10.2026. O'qildi: 729 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!