Toshkent metrosida yo‘lovchini o‘rnini bo‘shatib bermagani uchun haqorat qilgan va keyinchalik uning ortidan borib, janjalni davom ettirgan ikki erkak ma’muriy qamoqqa olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea Chilonzor yo‘nalishidagi metro bekatlaridan birida sodir bo‘lgan. Fuqaro A. boshqa yo‘lovchi unga joy bo‘shatib bermaganidan norozi bo‘lib, uni haqorat qilgan va og‘zaki janjallashgan.
Shundan so‘ng u yigitning ortidan borib, Chilonzor tumanidagi ovqatlanish shoxobchasi yaqinida ham haqorat qilishda davom etgan.
Voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Keyinchalik jabrlanuvchi videoni uning ruxsatisiz Instagram sahifasiga joylashtirishganini bildirgan.
Huquqbuzarlardan biri videoni kontent va layk yig‘ish maqsadida joylashtirganini aytgan va qilmishidan pushaymonligini bildirib, uzr so‘ragan.
Sud qaroriga ko‘ra, har ikki erkak Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan aybdor deb topilib, uch sutkadan ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan.