Mers partiyasining saylovdagi muvaffaqiyatsizligidan so‘ng Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishiga borishini bekor qildi — Reuters.
Agentlik suhbatdoshlarining aytishicha, Fridrix Mersning AQShga safari bekor qilinishi 6 sentyabr kuni Saksoniya-Anxalt federal yeri parlamentiga bo‘lib o‘tgan saylovlarda uning partiyasi — Xristian-demokratik ittifoq (XDS)ning past natija ko‘rsatgani tufayli ichki siyosiy bosim kuchayishi bilan bog‘liq.
Bu saylovlarda g‘alabani o‘ta o‘ng «Germaniya uchun alternativa» (AdG) partiyasi qo‘lga kiritdi. U saylovchilarning 43,8 foiz ovozini oldi. XDS esa 17,2 foiz ovoz to‘pladi. Taqqoslash uchun: ushbu federal yerda 2021 yilda bo‘lib o‘tgan avvalgi landtag saylovlarida AdG 20,8 foiz, XDS esa 37,1 foiz ovoz olgan edi.
Reuters va Deutschlandfunk radiosi ma’lumotlariga ko‘ra, 20 sentyabr kuni — Meklenburg-G‘arbiy Pomeraniya va Berlin landtaglariga saylovlar bo‘lib o‘tadigan kuni — Mers XDS rahbariyatining navbatdan tashqari yig‘ilishini belgilagan.
Jurnalistlar ta’kidlashicha, Germaniya aholisi orasida Fridrix Mersni qo‘llab-quvvatlash darajasi pasaymoqda. Nemislarning atigi 14 foizi u Germaniya kansleri vazifasini yaxshi bajarayotganini hisoblaydi. Shu bilan birga, so‘rovda qatnashganlarning 78 foizi Mersning kanslerlik faoliyatidan norozi ekanini bildirgan. Hokimiyatdagi konservativ XDS/XSS bloki saylovchilari orasida ham Mersni qo‘llab-quvvatlovchilar ulushi atigi 36 foizni tashkil etgan.