AQSh prezidenti Donald Trampning boyligi 2024 yilgi prezidentlik saylovidagi g‘alabasidan keyin 2,7 milliard dollarga oshib, 7,3 milliard dollarga yetdi, deb hisob-kitob qildi Forbes.
«AQSh tarixida hech kim siyosatdan bunchalik ko‘p pul ishlab topmagan» - deb ta’kidlamoqda nashr.
Oq uy rahbari boyligi o‘sishining asosiy manbai kriptovalyuta loyihalari va umumiy qiymati taxminan 2,4 milliard dollar bo‘lgan likvid aktivlar bo‘ldi. Xususan, Tramp 709 million dollarlik mem-tokenlarga va World Liberty Financial loyihasining 338 million dollarlik tokenlariga egalik qiladi, uning steyblkoin chiqarish biznesi esa 233 million dollarga baholanmoqda.
Shuningdek, Amerika prezidentining AQSh hududida o‘nta golf maydoni, Mar-a-Lago klubi, Trump National Doral Miami golf kurorti va Yevropada uchta ob’ekti bor. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, ularning umumiy qiymati 1,8 milliard dollarga yetadi. Bundan tashqari, Tramp ko‘chmas mulkka 1,1 milliard dollar sarmoya kiritgan. Eng yirik ob’ektlar orasida Nyu-York va San-Fransiskodagi ikkita ofis majmuasidagi ulushlar, Trump Tower osmono‘par binosi, Trump Park Avenue turar-joy binosi va boshqalar bor. Yana 1 milliard dollar Trampning Truth Social ijtimoiy tarmog‘iga egalik qiluvchi Trump Media and Technology Group’dagi ulushiga to‘g‘ri keladi. Forbes ta’kidlaganidek, moliyaviy nuqtai nazardan bu «Amerikadagi eng bema’ni bizneslardan biri»: 2024 yilda kompaniya 3,7 million dollar daromad olib, 712 million dollar zarar ko‘rgan.
Oq uy rahbarining boshqa aktivlari 700 million dollarga baholanmoqda. Ular orasida boshqaruv biznesi, vertolyot va samolyot, farzandlariga berilgan 5 million dollarlik qarzlar va 2 million dollarlik pensiya jamg‘armalari mavjud. Shu bilan birga, Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, Trampning boyligi so‘nggi bir yil ichida 300 million dollarga kamaygan. Xususan, prezident sud da’volari bo‘yicha 94 million dollar to‘lashi kerak.